Muloqotda Prezidentimiz sarmoyadorlarni “xorijlik” va “mahalliy” deb ajratishga munosabat bildirdi.
“Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!”,
- dedi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya – “O‘Z” falsafasini ilgari surdi.
“O‘Z” – O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat degani. Kimki yurtimizga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kelsa va odamlarga ish o‘rni yaratsa, qaysi mamlakat yoki shahardan kelganidan qat’i nazar, umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shadi.
– Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki!
– dedi Prezidentimiz. Sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan o‘zining qat’iy himoyasida bo‘lishini qayd etdi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz investorlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar e’tiborsiz qolmasligi, tez kunlarda tegishli qaror qabul qilinishi aytildi. Mamlakatimiz yetakchisi bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘rib chiqishini ta’kidladi.
Yakunda davlatimiz rahbari investor va tadbirkorlarni “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent – o‘zimizniki!” degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirdi. Yangi Toshkentda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan ko‘plab o‘ziga xos loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz Samarqand shahridagi “Shirin” massivi qurilishiga Yangi Toshkent bilan bir kunda start berilganini eslatdi. Biroq bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilindi: tadbirkorlarga atigi 19 gektar ajratilgan, qolgan maydonlar bo‘sh turibdi.
Massivni shahar markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik 1-sentabrgacha ishga tushirilishi kerak edi. Viloyat hokimligi va boshqarmalar binolarini ko‘chirish hali ham boshlanmagan. Davlat idoralarining o‘zi faollik ko‘rsatmayotgani tadbirkorlarning sarmoya kiritish qarorlariga ta’sir qilayotgani aytildi.
Shu bois, Yangi Toshkent uchun e’lon qilingan imtiyoz va imkoniyatlar “Shirin” massiviga ham tatbiq etiladi. Bu yerda ham investorlarga aniq loyihalar va ishlash uchun qulay shartlar taklif qilinishi lozim.
Yangi Toshkent loyihalariga xorijlik sarmoyadorlar qiziqishi ham yuqori. Ular uchun dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi yengilliklarni o‘z ichiga olgan aniq takliflar paketi elchilarga yetkaziladi.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga chet eldagi sarmoyadorlarni Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish topshirildi.
Vazirlarga xorijlik hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan har bir uchrashuvda Yangi Toshkent imkoniyatlarini taqdimot qilib, ularni qo‘shma loyihalarga taklif qilish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz e’lon qilingan imkoniyatlar qog‘ozda qolmasligi, ular yer uchastkalari, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan tayyor taklif sifatida sarmoyadorga yetib borishi zarurligini ta’kidladi.
Yangi imkoniyatlarni faqat poytaxt tadbirkorlari bilan cheklamaslik uchun Yangi Toshkentdan poytaxtning har bir tumaniga 100 gektardan hudud biriktirildi. Endi tuman hokimlari o‘z tadbirkorlari bilan ishlab, yangi loyihalarni shu maydonlarga olib kelishi kerak.
Xuddi shunday mamlakatimizning qolgan 13 ta hududiga ham 100 gektardan maydon ajratiladi. U yerlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.
Biriktirilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha birinchi auksionda faqat o‘sha viloyat yoki tuman tadbirkorlari qatnashadi.
Prezidentimiz Yangi Toshkent butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyat maydoniga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
@zebotukhtaeva
Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishiga turtki berish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Davlatimiz rahbari turar joy qurish bilan shaharga xizmat qiladigan mehmonxona yoki savdo markazini barpo etishning iqtisodiy yuki bir xil emasligini ta’kidladi.
Infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi.
Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarga tezkor tartib qo‘llanadi. Loyihalash, qurilish va obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi, bir xil ma’lumotni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar qurish uchun ishlab chiqilganini, biroq u sarmoyadorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Bunga huquqiy imkoniyat bor. Ammo takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etildi.
“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi bejiz emas: uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyor. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham kerak. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.
Shu maqsadda ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tashabbus ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.
@zebotukhtaeva
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratish degani. Prezidentimiz aholiga dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari uylar bilan bir vaqtda zarur bo‘lishini ta’kidladi.
Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga ehtiyojni aniq hisoblab, tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Shaharning ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi ham muhim. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali binolarda ishlamoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun 9 ta bino qurilyapti.
Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga ko‘chishini boshlash topshirildi. Zarur hollarda ularning poytaxtdagi mavjud binolarini buzib qayta qurish huquqisiz, joriy ta’mirlab foydalanish sharti bilan sotish masalasi ko‘rib chiqiladi.