Oʻzbekistonda shifokor boʻlish uchun bir ustozni etagini ushlab, shunga shogird tushishga toʻgʻri keladi, chunki boshqacha yoʻli yoʻq.
Sababi bizda amaldagi bakalavr bosqichi shifokorni hamma tomondan yetiltirib berishga javob berolmaydi. Fanlarni orasida integratsiya yoʻq, kafedralarda oʻtiladigan fanlarda boshqa fandagi bilimlarni jamlantirilmaydi. Natijada uzuq-yuluq maʼlumotlar bor xolos.
Ordinatorning ikki yili qaysidir boʻimda shundoq oʻtib ketishi mumkin. Magistr esa 6 ta semestrni xat hujjatlarini taxt qilguncha bir dunyo vaqt yoʻqotadi. Va bu ikki taʼlim turida ham talabaga bilim berishga hech kim jon kuydirmasligi mumkin (bundan mustasno kafedralar ham bor).
Magistraturada eslab qarasam magistrlarga javobgar boʻlgan ustozlar biron marta maʼruza oʻtmagan yoki yangiliklarni oʻrgatmagan ekan. Har doim imtixonlarda eski savollar boʻlardi, men ularga javob berolmasdim. Chunki talab qilinayotgan javobni bilish menga hech qanday foyda keltirmasdi. Shulardan biri, sut bezi saratoni belgilarini ularni birinchi marta nomlagan muallif nomlari bilan aytish. Shu savolni aylantiraverishardi, aylantiraverishardi. Buni oʻrganish qiyin emas, lekin uni bilish bemorni davolashimga hech qanday yordam bermaydi. Belgining oʻzini bilsa boʻldi-da, muallif nomini jarayonga qanday aloqasi bor. Eng qizigʻi oʻqigan ingliz manbalarimni birontasida bunaqa muallif nomlari keltirilmagan.
Bundan keyingi har qanaqa malaka oshirish jarayonlari bu sertifikat yoki maʼlum soatlarni jamgʻarish uchun kerak. Ularda sizga endi hech kim hech narsa oʻrgatmasligi ehtimoli juda yuqori.
Qissadan hissa shu-ki, baribir siz ustoz topib shogird tushishingizga toʻgʻri keladi. Ustozingizni hurmat qiling, lekin koʻzingiz bilan koʻrayotan har bir jarayon uchun "nega" degan savolni oʻzingizga bering va manbalarni izlab, doim oʻrganib boring. Faqatgina boʻlimdagi bemorlar, kasallik tarixlari bilan cheklanib qolmang, oʻz ustingizda ishlash uchun vaqtingiz boʻlsin. Har bir dorini nega yozilayotgani, oʻtkazilgan tekshiruvni nega kerak ekanligini soʻrab, oʻqib oʻrganing.
Menda ikkita ustoz bor, biri onkolog jarroh, ikkinchisi onkolog kimyoterapevt. Men sut bezidagi patologiyalarni va davolashni chuqur oʻrganishni maqsad qilganman. Har ikkalalari bilan ham fikrlarimni erkin boʻlisha olaman. Tigʻiz ish jarayonida kitob ochib, varaqlashimga imkon berishadi. Baʼzida esa yoʻriqnomada bunaqa yozilgan, lekin siz boshqacha yoʻl tutdingiz deb sababini soʻrayman. Toʻgʻri tushunishadi.
Wills Eye degan mashhur ko’z klinikasi bor. Tekinga o’ta sifatli ma’ruzalar qo’yar edi. Turiptiyu deb ko’rishga yetarlicha vaqt ajratmas edim. Yaqinda ma’ruzalarini pullik qildi. Endi qimmatga bo’lsa ham sotib olyapman.
Ota-onamiz har doim uyda deymiz. Ular bilan suhbatlashgani vaqt ajratmaymiz. Bir kun kelsak uyda ular yo’q. Hech qachon qaytib kelishmaydi.
Bolamiz bilan vaqt ajratmaymiz. Ishni afzal ko’ramiz. Ertaga ular bizdan ko’ra kitobini (telefoni deb o’qilsin) afzal ko’radi. Biz bilan suhbatlashgisi kelmaydi. Bir burchakka kirvolib o’zi bilan ovora bo’ladi.
”Haridorgir” qiz bo’lgani uchun unga qiziquvchi yigitlar ko’p bo’ldi. Bir yaxshi yigit bor edi, qizni hurmat qilar edi. Qizga oila qurishni taklif qildi. Muomalasi juda yaxshi edi. U har doim qizga yordam berishga tayyor edi. Qiz esa u yigit ”erishish oson bo’lgani” uchun uni qadrlamadi. Sal sho’xrog’ini istadi ko’ngli. Sho’xrog’iga turmushga chiqdi, oradan 3-4 oy o’tib eri urishni boshladi, 1 yildan keyin oilasidan ajrashib ketdi.
Bir puldor do’stim 2000$ to’lab biznes treningga bordi. Ertasi kuni gaplashsam ”treningda sen aytadigan gaplar takrorini eshitdim” deydi.
Marafon yugurganlarga havas qilamiz. Bugundan yugurishni boshlashga imkoniyatimiz bor. Ammo bunga harakat qilmaymiz. Ertaga salomatlik sabab hech qachon yugura olmaydigan bo’lamiz.
Stockholmda yashaydigan bir tanishim o’g’liga mentorlik qilishimni so’radi. Yaxshi pul taklif etdi. Men senga yordam beraman degan jiyanim esa, mendan qochib yuradi.
Telefonni tashqarida qoldirib, bir xonada yolg’iz qolib, chuqur o’ylashga harakat qilib ko’rishimiz kerak. O’zimizga ”Hozir menga tekin bo’lgan qaysi ne’matlar qadriga yetmayapman?” degan savolni berishimiz kerak. Javoblarni qog’ozga yozish kerak.