Sizlarni 25-oktabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz! 🇺🇿
El-yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan sharafli va mas’uliyatli xizmatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Doimo sog‘-salomat bo‘ling, oilangizdan tinchlik-xotirjamlik, xonadoningizdan fayzu baraka, qalbingizdan g‘urur va iftixor arimasin. Mashaqqatli va sharafli faoliyatingizda omad, kuch-g‘ayrat, sabr-toqat hamda xalqimiz ishonchini qozonish baxti hamisha hamrohingiz bo‘lsin.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xizmat yo‘lingiz doimo sharafli bo‘lsin! Oilangiz baxtiga doimo sog‘-omon bo‘ling, el ardog‘ida, xalq hurmatida yuring!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ichki ishlar xodimlari! 🎉🇺🇿
25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni muborak bo‘lsin!
Hurmatli ichki ishlar organlari xodimlari va soha faxriylari!
Sizlarni, shuningdek, sharafli va mas’uliyatli xizmatingizda doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan oila a’zolaringizni 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, yurtimizda qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan fidokorona xizmatingiz har qanday e’tirofga munosib.
Ayniqsa, xizmat burchiga sadoqat, yuksak mas’uliyat, jasorat va matonat bilan yondashib, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida mehnat qilayotgan xodimlarning sa’y-harakatlari tahsinga sazovor. Sohada ko‘p yillar samarali faoliyat yuritib, boy tajribasi va ibratli hayot yo‘li bilan yosh avlodga namuna bo‘lib kelayotgan faxriylarimizning xizmatlari ham alohida qadrga ega.
Bu sharafli kasb egalarining oila a’zolariga ham samimiy minnatdorlik bildiraman. Zero, xizmat mashaqqatlarini tushunib, har qanday vaziyatda yaqinlariga madad bo‘lib kelayotgan oila a’zolarining mehri va qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyatga ega.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lidagi sharafli xizmatingizda kuch-quvvat va g‘ayratingiz doimo ziyoda bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
A.Ruzmatov,
Oltiariq tumani hokimi v.v.b.
Oltiariq tumanida ichki ishlar organi faxriylari holidan xabar olindi
25-oktabr — “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” kasb bayrami munosabati bilan Oltiariq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ko‘p yillar davomida el-yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilib, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan Ichki ishlar organi pensionerlari holidan xabar oldi.
Samimiy muloqot chog‘ida tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Ergashev Zafarjon Odilovich ustoz-faxriylarning sohadagi ko‘p yillik mehnati, yosh xodimlarni tarbiyalashdagi o‘rni hamda boy hayotiy tajribasini alohida e’tirof etdi. Viloyat IIB rahbariyati nomidan yo‘llangan samimiy tabriknomalar faxriylarga shaxsan o‘qib eshitirilib, ularga mustahkam salomatlik, uzoq umr va xonadonlariga fayzu baraka tilandi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oltiariqlik partiya faollari “Partiya iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan partiya Markaziy Kengashi qarori asosida ta’sis etilgan “Partiya iftixori” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli tadbirda oltiariqlik partiya faollari ham ishtirok etdilar.
Quvonarlisi, partiya faxriysi, jamoat faoli Akramjon Soliyevich Ergashev hamda Xalq deputatlari Oltiariq tumani Kengashi deputati Furqat A’zamovich Xomidov partiya rivojiga qo‘shgan hissasi va faoliyati e’tirofi sifatida ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandilar.
Mukofot sohiblarini samimiy tabriklaymiz, ularga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyat va yangi yutuqlar tilaymiz!
Shohsultonning soʻngi kunlaridagi qalbidan oʻtgan oʻylari
Toʻgʻrisini aytsam, bu she'rni yozish menga oson boʻlmadi. Anchadan buyon she'r yozmagandim. Bunaqa she'r yozishni istamagandim. Lekin qalbimdagi nimadir meni shu she'rni yozishga undadi.
Koʻzim yumsam, ruhim uchsa samolarga,
Nomim marhum boʻlib, koʻchsam duolarga,
Chidarmikan, mensiz qolib, judolarga,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Yurak-bagʻri shu gʻamsiz ham pora edi,
Oyning oʻttiz kuni unga qora edi,
Chora izlab, topmagan bechora edi,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Onang oʻlsa boʻlmasmidi, bolam, degan.
Non yemagan, har luqmada zahar yegan,
Taqdir ishi bunchalar beshafqat ekan,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Dard kelganda men bilan dard chekkan oʻzi,
Xilvatlarda qonli yoshlar toʻkkan oʻzi,
Musibatning dengiziga choʻkkan oʻzi,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Bir zuryodsiz oʻtib ketdi, bolam deydi,
Hatto tinar u ushlagan qalam, deydi,
Yuragini armon yeydi, alam yeydi,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Koʻkni tutar "oʻgʻlim" degan nolishlari,
Gʻamlarini yutolmaydi bolishlari,
Meni qiynar parvonadek yonishlari,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Men ketarman, mendan endi boʻling rozi,
Umrimning ham koʻpi ketib, qoldi ozi,
Tinar balki erta-indin qalbim sozi,
Onam mening, onam mening, onam mening.
Aziz ijodkorlar! Oltiariq ijod maydoni oʻzining otashin qalbli bir ijodkoridan ayrildi. Jurnalistika sohasida dadil qalam tebratib, koʻpchilikning e'tirofi va e'tiboriga erishgan, oʻzining yuksak iste'dodi, izlanishlari bilan el hurmatiga sazovor boʻlgan Shohsulton Toʻxtamatov ayni navqiron - 32 yoshda bu yorugʻ dunyoni tark etib, qalblarimizni qaygʻuga soldi.
Shohsulton hayotlik chogʻida oʻzining samimiyligi, halolligi, insonlarga boʻlgan mehr-oqibati bilan qalbimizdan joy olgan edi. U nafaqat yaxshi ijodkor, balki yaxshi shogird, yaxshi hamkasb, ota-onasiga yaxshi farzand edi. Shohsulton oilasiga, yaqinlariga juda mehribon, jonkuyar inson edi. Hatto betob yotgan damlarida ham chehrasida tabassum balqib turardi. Otash qalbi ijod zavqi bilan yonib turdi. Umrining soʻnggi damlarida ham ijodkorlar ijodini kuzatib bordi.U oʻziga berilgan umrni qisqa boʻlsa-da, mazmunli yashab oʻtdi.
Biz barcha ijod ahli nomidan Shohsulton Toʻxtamatovning oilasiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Joyi jannatda, oxirati obod boʻlsin.Shohsultonning xotirasi hamisha qalblarimizda yashaydi.