Ayrim voqea-hodisalarni ko‘rib, xuddi hammasi yana qayta takrorlanayotgandek tuyulyapti. Shunchalar ham vaziyat va holatlar o‘xshash bo‘ladimi, deb ba’zan o‘zimga savol ham berib qo‘yaman.
Qiziq, oxiri ham xuddi o‘shandek tugarmikan yoki nimadir o‘zgararmikan?
Hozirgi farq shundaki, bu safar bizda o‘sha xatolarni takrorlamaslik imkoni bor. Lekin yaxshilab o'ylab qarasam, xatolar ham o‘xshash.
Ha, bu menda kechayotgan oddiy bir deja vu xolos.
Izoh: Deja vu — ilgari bo‘lib o‘tgan voqeaning hozir yana takrorlanayotgandek tuyulish hissi.
Mana bu agentlik biz bilan shartnoma tuzmaganidan juda ham xursandman. O'shanda savol bergandim, yodingizdami?
"Ular" degani kimlar o‘zi, o‘sha "kompaniyalar" nega "ularning" og‘ziga qarab turishi kerak? Shu yerda ham tanish-bilishmi? Unda biz qachon rivojlanamiz?"
Hozir bu savollarga menda javob bor va o'shanda rad etilganimdan juda ham xursandman.
Endi ular reklama bo'yicha hamkorlik qilaylik deyishsa ham rozi bo'lmayman. Men bu ro'yxatda bo'lishni xohlamayman.
Nega deysizmi? Bu savolga ochiq javob berishim uchun bir necha yillar o'tishi kerak bo'ladi. Bu post esa shunchaki esdalik uchun.
Biroz avval dorixona oldiga to‘xtadim. Qarasam, “To‘xtash taqiqlangan” belgisi turibdi. “1 daqiqada kiraman-u, chiqaman”, degan hayol bilan mashinamni shu yerda qoldirdim. (Katta yo'l edi, aslida shu yerni pullik to'xtab turish joyiga aylantirish kerak)
Chiqsam, ikki nafar xodim turibdi. Suhbatimiz quyidagicha bo‘ldi:
— Qoidani buzdingiz
— Ha, buzdim. Uzr, xato qildim
— Qayerda ishlaysiz?
— Universitetda
— Ooo, yaxshi joyda ishlar ekansiz
— Jarima yozaymi?
— Qoidani buzdim, yozasiz-da. Yoki uzr so‘rasam, bir safar kechirasizmi?
— Mayli, "100 so‘m" bering-da, ketavering
— Jarima miqdori qancha o‘zi? 15 kun ichida to‘lasam, 50% chegirmasi ham bormi?
— Bu qoidabuzarlik uchun 824 ming so‘m jarima yoziladi. Keling, yaxshisi "100 so‘m" bering, qo‘yib yuboraman
— Yo‘q, jarimani yozib qo‘yavering...
Shu joyda xodim menga qarab qotib qoldi. Chunki kamdan-kam aytiladigan javobni eshitgandi.
Jarimani rasmiylashtirdi. Mashinaga o‘tirayotib: “Hoy, buyog'iga halol ishlang, boshqa unday qilmang”, desam, menga qarab: “Men nima qildim hozir?” deydi. O'zimga-o'zim gapirdim deb qo'ydim...
Aslida qoidani buzmasligim kerak edi. Yo‘q joydan jarimaga tushdim, ustiga-ustak jarima balli ham yozildi (jarima ball olmayman deb o‘zimga va’da bergandim). Ammo bu holat menga yaxshigina dars bo‘ldi.
Lekin bir tomondan xursandman. Kichik bo‘lsa ham korrupsiyaning oldini oldim. Hozir esa vijdonim qiynalmay, tinchgina uyquga ketyapman. Agar porani berganimda, men ham bu gunohga sherik bo‘lardim.
Aslida biz korrupsiyani mana shunday qilibgina to‘xtata olamiz. Faqat pora olish emas, balki uni berish ham korrupsiya hisoblanadi.
P.S. Haligi xodimning familiyasi va ismini so‘rab, biroz yuragiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydim. Endi 2–3 kun o‘ylanib yursa kerak. Hech bo‘lmasa, shu 2–3 kun pora olmay turar.