Shahar kichik bo‘lsa-da, odamlar juda ko‘p edi. Bu yerda har xil insonlarni uchratish mumkin edi — o‘ziga to‘q oilalardan tortib, eng kambag‘allargacha.
Elina onasidan biroz uzoqlashib, bir do‘kon oynasidan ichkariga termulib qoldi. Do‘kon ichida turli rang-barang jildlardagi kitoblar tartib bilan joylashtirilgan edi.
Nefiliya esa atrofni sergak kuzatar, imkon qadar tezroq bu shahardan chiqib ketishni o‘ylardi.
U hayollarga berilib ketgan paytda, birdan kimdir uning ko‘ylagi etagidan tortganini sezdi.
U burildi va nigohi pastga tushdi.
U yerda yuzlari biroz tirnalgan, ust-boshi iflos, ahvoli og‘ir bir bolakay turardi. U qo‘llarini zo‘rg‘a Nefiliya tomon cho‘zib, nimadir so‘rayotgandek ishora qildi.
— Ohh, azizim… afsuski, o‘zim bilan yeydigan tuzukroq narsa olib chiqmagan ekanman...
Nefiliya bolakayning qo‘llariga yanada diqqat bilan qaradi.
Uning chap qo‘li allaqachon singan va shishib ketgan edi.
— Sening qo‘ling… juda og‘riyotgan bo‘lsa kerak. Ota-onang qayerda, bolakay?
Bola bir so‘z ham demadi. Uning yuzida faqat og‘riq va qayg‘u aks etardi.
Nefiliya biroz egilib, yerga bir tizzasini qo‘ydi.
U bolakayning qo‘lini ohistalik bilan ushlab, ko‘zlarini yumdi va juda past ovozda so‘zlarni pichirlab o‘qiy boshladi.
Atrof go‘yo biroz yorishgandek bo‘ldi.
Bolakay esa asta-sekin o‘zini ancha yengil his qila boshladi.
Elina esa chalg‘ib qolganini va onasidan uzoqlashganini sezib, boshini onasi tomon burdi.
U onasining bolakayni davolayotganini ko‘rib, yuragi g‘ashlandi. Ichida nimadir bezovta uyg‘ondi.
U biroz vahimaga tushdi.
Nefiliya ishini tugatdi…
ammo u o‘zi anglamagan holda juda qaltis xato qilib qo‘ygan edi.
@sevgi_hikoyalari_hayotiy